Ustav

 

O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi

Farg’ona viloyat hokimligi xalq ta’limi boshqarmasi

Chet tillarni o’qitishga ixtisoslashtirilgan  davlat umumta’lim maktabinternat

 U S T A V I

 

 

 

 

 

 Farg’ona shahar – 2018 yil


 

 

 1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu ustav Farg’ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi chet tillarni o’qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab –internatining (keyingi o’rinlarda maktab–internat deb yuritiladi) maqomi, asosiy vazifalari va funktsiyalari, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Maktab–internat O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, hududiy xalq ta’limi boshqaruv organi hamda tegishli viloyat (shahar) hokimligiga bo’ysunadi va hisobot beradi.

3. Maktab–internat Farg’ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasasi hisoblanadi.

4. Maktab-internat o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasining

Konstitutsiyasi va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va hududiy xalq ta’limi boshqaruv organining buyruqlariga, tegishli mahalliy hokimliklarning qarorlariga, boshqa me’yoriy hujjatlariga, ushbu Ustavga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.

5. Maktab-internat uzluksiz ta’lim tizimining asosiy bo’g’ini bo’lib, u o’quvchi yoshlarga 5-11 xajmda davlat ta’lim standartlari asosida ingliz tili fani asoslaridan (fransuz tili va nemis tili fanlari zarurat holatida, agar muvofiq imkoniyat va sharoitlar mavjud bo’lsa) chuqur o’rganish bo’yicha qo’shimcha ta’lim dasturlariga muvofiq faoliyat ko’rsatadi. 

6.Maktab–internat o’z faoliyatini davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

7. Maktab–internat yuridik shaxs hisoblanadi va o’z ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy g’azna hisob varaqlariga, bank hisob varaqlariga, o’z nomi ko’rsatilgan muhrga, shtampga va blankalarga ega bo’ladi.

8.Maktab-internatda ta’lim o’zbek tilida olib boriladi va O’zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

9.Maktab–internat Farg’ona shahar, Oqariq ko’chasi 602-uyda joylashgan.

 

2-bob. Maktab–internatning vazifalari va funktsiyalari

10. Quyidagilar maktab–internatning asosiy vazifalari hisoblanadi:

 chet tili fanlari bo’yicha o’quvchilarning davlat ta’lim standartlari talablaridan oshadigan chuqur ta’lim tayyorgarligini ta’minlash;o’quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;

har bir o’quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko’nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;

 professional dastur ta’limlarini ongli tanlash va keyinchalik o’zlashtirish uchun asos yaratish;

umumiy o’rta va maktabdan tashqari ta’limni har tomonlama rivojlantirish, o’quvchilarning bilimi va ma’naviy-ahloqiy darajasini yanada yuksaltirish.

11. Yuklangan vazifalarni bajarish uchun maktab-internat quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:

viloyat aholisi bolalarini chuqur o’qitishga bo’lgan ehtiyojini ta’minlash;

o’quvchilarning qobiliyatlari, qiziqishlarini hisobga olgan holda umumiy va ixtisoslashtirilgan, shaxsga yo’naltirilgan o’qitishning ta’lim dasturlarini amalga oshirish;

o’quvchilarning iqtidori va kamol topishi dinamikasining psixologik-pedagogik diagnostikasini amalga oshirish;

ta’limning uzviyligi va uzluksizligi asosida intensiv intellektual rivojlantirishni, chuqurlashtirilgan ixtisoslashtirilgan o’qitishni ta’minlash;

asosiy va qo’shimcha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va ular integratsiyasini amalga oshirish, loyihadagi o’qitishga o’tgan holda ta’lim jarayonini individuallashtirish va tabaqalashtirish;

ta’lim jarayoniga innovatsiya, pedagogika va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

o’quvchilarning ma’lumoti darajasi oshishiga, samarali tayyorlanishiga, oliy o’quv yurtlariga kirishiga yordam beradigan shart-sharoitlar yaratish;

o’quvchilarning respublika va xalqaro seminarlar, konferentsiyalar, festivallar va boshqa intellektual-ijodiy tadbirlarda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

iqtidor va iste’dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo’yicha o’quvchilarni fanlar olimpiadalari, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash;

o’quvchilarning innovatsion laboratoriyalarini tashkil etish va faoliyatini yo’lga qo’yish;

maktab-internat ish amaliyotiga umumiy o’rta ta’limning davlat ta’lim standartlari, ilmiy yutuqlar va ilg’or pedagogik tajribalarning tadbiq etilishiga sharoit yaratish;

ota-ona qaramog’isiz qolgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini olib borish hamda ota-ona qaramog’ini yo’qotganlikning aniq holatlaridan kelib chiqib, bolalarning ijtimoiy-huquqiy himoyasi bo’yicha huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa organlar bilan hamkorlikda ish olib borishni tashkil etish;

to’liq davlat ta’minoti asosida, yetim bolalarni va ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalarni davlat va nodavlat ta’lim muassasalari ta’minotiga olish uchun ro’yxatlarini taqdim etish, o’qitish, tarbiyalash va kasb-hunarga tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratishni ta’minlash;

ota-onalar, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari, jamg’armalar bilan ijodiy, faol, O’zbekiston mustaqilligi g’oyalariga sadoqatli va jamiyat taraqqiyotiga aniq hissa qo’shishga layoqatli shaxsni kamol toptirish bo’yicha o’zaro yaqin hamkorligini tashkil etish;

o’quvchilar bilan maktabdan tashqari individual ishlash, ularning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish choralarini ko’rish, bunda yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, ta’lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini qo’llagan holda, turli tadbirlar, ko’rik-tanlovlar va bellashuvlar tashkil etish;

jismonan sog’lom, ma’nan yetuk va mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sadoqatli, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, o’quvchilarning va yosh pedagoglarning ijtimoiy faolligini oshirish;

o’quvchi yoshlarni turli yot g’oyalar, shu jumladan, “ommaviy madaniyat” ko’rinishidagi salbiy illatlardan asrab-avaylash, ularning ma’naviy dunyosini yuksaltirish maqsadida yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini keng targ’ib qilish, o’quvchilarni salbiy ta’sirlardan himoya qilish hamda zararli odatlardan xalos qilish ishlarini tashkil etish;

o’quvchilarning davomatini to’liq ta’minlash yuzasidan aniq choralar ko’rish va nazorat qilish, bu borada ta’lim muassasalarining, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ota-onalarning o’zaro hamkorlikdagi ishlarini muvofiqlashtirish;

o’quvchilar va o’qituvchilarning salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlashni ta’minlash ishlarini amalga oshirish;

belgilangan tartibda maktab va maktabdan tashqari ta’limning muhim masalalari bo’yicha yig’ilishlar va seminarlar o’tkazish;

maktab-internat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajarishi mumkin.

3-bob. Maktab-internatning huquqlari va majburiyatlari

12. Maktab-internat o’ziga yuklangan vazifa va funktsiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

fanlarni chuqur o’rganish bo’yicha mualliflik o’quv dasturlarini O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi respublika ta’lim markazi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodik xizmat bo’limi bilan kelishgan holda mustaqil ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish;

O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan tayanch o’quv rejasi asosida maktab-internatning o’quv rejasini ishlab, uni pedagogika kengashida ko’rib chiqish va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tasdiqlanishini ta’minlash;

ta’lim va tarbiyaning qonun hujjatlariga zid bo’lmagan turli shakllari, vositalari va usullarini qo’llash;

o’z ustav faoliyatini amalga oshirish uchun moliyaviy mablag’lar va moddiy resurslarining qo’shimcha manbalarini jalb etish;

ta’lim olayotganlarni oraliq attestatsiyadan o’tkazish shakllari, tartibi va davriyligini mustaqil tanlash;

vakolatiga kiruvchi masalalar bo’yicha hujjatlar, statistik ma’lumotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlarni so’rab olish;

maktab-internatga yuklatilgan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bilan bog’liq hujjatlarni belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, hududiy xalq ta’limi boshqaruv organi hamda tegishli mahalliy hokimliklarga kiritish;

o’z vakolat doirasida konferentsiyalar, seminarlar, ko’rgazmalar, yarmarkalarda, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan o’tkaziladigan shunday tadbirlarda ishtirok etish;

o’z vakolati doirasiga kiradigan masalalar bo’yicha metodik materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;

Maktabinternat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

13. Maktab-internat belgilangan tartibda:

o’ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning samarali bajarilishi;

o’z faoliyati to’g’risida ochiq axborotlar bilan tanishish erkinligini ta’minlash;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga o’z faoliyati to’g’risida hisobotlar taqdim etish;

ta’lim sifati hamda o’quv rejasi va o’quv jarayoni jadvaliga muvofiq ta’lim dasturlari to’liq hajmda amalga oshirilishi;

ta’lim jarayonini tashkil etishning qo’llanilayotgan shakllari, usullari va vositalarini o’quvchilarning yoshi bilan bog’liq psixofiziologik hususiyatlari, mayllari, qobiliyatlari, qiziqishlariga, ularning hayoti va sog’lig’ini muhofaza qilish talablariga muqobilligi;

o’quvchilarning moslashishi va o’zlashtirishi;

o’quvchilar va xodimlarning huquqlariga rioya qilinishi uchun javob beradi.

Maktab-internatga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.

4-bob. Maktab-internat faoliyatini tashkil etish.

14. Maktab-internat sinflari soni ta’lim jarayonini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan sanitariya normalari va qoidalariga qarab, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan kvota asosida belgilanadi.

15. Maktab-internatga 5-sinfdan boshlab sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq o’qish va yashash uchun zarur shart-sharoitlar taqdim etilgan holda o’quvchilarning barcha jalb etilgan kontingentini iqtidor va iste’dodini rivojlantirishga yo’naltirilgan kompleks ta’lim-tarbiya jarayoni bilan qamrab oladi.

16. Maktab-internatiga qabul qilish O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2011-yil 26-dekabrdagi 38-sonli, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2011-yil, 26-dekabrdagi 42-q/q sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ayrim fanlar chuqur o’rganiladigan davlat umumta’lim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalariga o’quvchilar qabul qilish tartibi to’g’risida”gi Nizomi asosida  amalga oshiriladi.

17. O’quv yili maktab-internatida 2 sentabrdan kelgusi yilning 25 mayiga qadar davom etadi va to’rtta chorakka bo’linadi.

18. O’quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:

o’quv yilining davomiyligi – 34 hafta;

o’quv haftasining davomiyligi – 6 kun;

dars mashg’ulotining davomiyligi – 45 daqiqa;

dars mashg’ulotlari oralig’idagi tanaffusning davomiyligi – 5-10 daqiqa

19. Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg’ulotlari o’tkazilmaydi.

20. Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to’g’ri kelib qolgan dars mashg’ulotlarining mavzulari o’quv dasturlarini ihchamlashtirgan holda keyingi dars mashg’ulotlarida o’tkaziladi.

21. O’quv yili davomidagi ta’tillarning muddatlari “Umumiy o’rta ta’lim to’g’risida”gi Nizom asosida belgilanadi.

22. Maktab-internatining sinflari to’liqligi 30 nafardan ortib ketishga yo’l qo’yilmaydi.

23. Maktab-internatida o’qish, dam olish va ovqatlanish qonun hujjatlariga muvofiq tibbiyot xodimlarining qat’iy nazorati ostida tashkil etiladi.

24. Maktab-internat o’quvchilari muassasa huzurida yashash joylari bilan ta’minlanadilar.

25. Maktab-internatining ota-onalar va ota-onalarning o’rnini bosuvchi shaxslar bilan birga yashaydigan tarbiyalanuvchilari soni butun kontingentining 10 foizdan ortmasligi kerak.

26. O’quvchilar, ota-onalar yoki ota-onalarning o’rnini bosuvchi shaxslar, pedagoglar va boshqa xodimlar maktab-internati ta’lim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.

27. Maktab-internatga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor bevosita rahbarlik qiladi.

Direktorga nisbatan quyidagi asosiy malaka talablari qo’yiladi:  

 – ta’lim sohasida kamida 10 yil pedagogik staj va rahbarlik lavozimida 5 yil ish staji mavjudligi;

 – davlat tilini bilish;

 – tashkilotchilik qobiliyati, ijodiy tafakkurga egalik, bolalar va katta yoshdagilarning yosh va shaxs bilan bog’liq psixologiyasini bilish;

 – kompyuter texnologiyalarini va o’quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallaganligi;

 –  umumta’lim dasturlari, o’quv qo’llanmalari va metodik ishlanmalar yaratishda tajribaga egaligi.

27.1. Direktor maktab-internat nomidan ish ko’radi, uning manfaatlarini ifodalaydi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maktab-internati mol-mulkini tasarruf etadi va shartnomalar tuzadi.

27.2.  Maktab-internat direktori:

maktab-internat vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha qarorlar qabul qiladi hamda unga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning samarali bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

o’z o’rinbosarlari,  maktab-internat mas’ul shaxslarining vakolatlarini belgilaydi, ular o’rtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning javobgarligi darajasini belgilaydi;

o’z vakolatlari doirasida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasining barcha xodimlari uchun majburiy bo’lgan buyruqlar chiqaradi va ko’rsatmalar beradi;

yuqori turuvchi xalq ta’limi boshqaruvi organlarining buyruqlari, mahalliy hokimlik qarorlari asosida va ularni bajarish yuzasidan o’z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi, ijro etilishini tashkil etadi va nazorat qiladi;

pedagog xodimlar va boshqa xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi;

belgilangan tartibda tasdiqlangan kadrlar nomenklaturasiga muvofiq maktab xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi.

Maktab direktori o’z vakolati doirasida qonun hujjatlari va ushbu Ustavga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajaradi.

28. Maktab-internat o’quv ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari:

-maktab-internat direktorining  tavsiyasiga ko’ra viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig’i tomonidan lavozimiga tayinlanadi va bo’shatiladi;

-maktab-internat direktori bilan hamkorlikda maktab-internatdagi o’quv-tarbiya jarayonini tashkil etadi, maktab-internat pedagoglari jamoasiga uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi;

-o’quv-tarbiya ishlari bo’yicha o’rinbosari maktab-internat direktori bilan hamkorlikda maktab-internatdagi o’quv-tarbiya jarayonini tashkil etadi, maktab-internat pedagoglari jamoasiga uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi. O’quv jarayonida xavfsizlik texnikasi me’yorlari va qoidalariga rioya qilinishi tartibini ta’minlaydi, o’quv ishlari bo’yicha hisobotlarini yuritadi va umumiy majburiy ta’lim bo’yicha ishni tashkillashtiradi;

-maktab-internat direktorining o’quv-tarbiya ishlari bo’yicha o’rinbosari bevosita maktab-internat direktoriga bo’ysunadi.

28.1. Maktab-internat direktorining o’quv-tarbiya ishlari bo’yicha o’rinbosari o’z vakolatlari doirasida quyidagi mansab vazifalarini bajaradi:

-pedagoglar jamoasining faoliyati kundalik va istiqbol rejalashtirilishini tashkil etadi;

-o’qituvchilarning o’quv rejalari va dasturlarini bajarish bo’yicha ishlarini muvofiqlashtiradi;

-zaruriy o’quv-uslubiy hujjatlar ishlab chiqilishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;

-ta’lim jarayonining sifatini va o’quvchilarining ta’lim tayyorgarlik natijalari ob’ektiv ravishda baholanishini, to’garaklar va fakultativlar ishini nazorat qiladi;

-maktab-internat pedagog xodimlari tomonidan o’tkazilayotgan darslar va o’quv-mashg’ulotlarning boshqa turlari bo’yicha tahlil o’tkazadi, ularning shakli va mazmuni tahlili bo’yicha natijalarini pedagoglarga ma’lum qiladi;

-belgilangan hisobot hujjatlari o’z vaqtida tuzilishini ta’minlaydi, pedagoglar tomonidan sinf jurnallari va boshqa hujjatlar to’g’ri va o’z vaqtida yuritilishini nazorat qiladi;

 -pedagog kadrlarni saralash va joy-joyiga qo’yishda ishtirok etadi.

29. Maktab-internat direktorining ma’navy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari:

– maktab-internat direktorining  tavsiyasiga ko’ra viloyat xalq ta’limi boshqarmasining boshlig’i tomonidan lavozimiga tayinlanadi va bo’shatiladi;

-o’quvchilar bilan sinfdan tashqari tarbiyaviy ishni tashkil qiladi, tarbiyaviy jarayon yuzasidan umumiy uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi, belgilangan tadbirlar o’tkazilganida o’quvchilar bilan sinfdan va maktab-internatdan tashqari ishlashda xavfsizlik texnikasi me’yorlariga va qoidalariga rioya qilishni ta’minlaydi, mahalla qo’mitasi va boshqa maktab-internatdan tashqari tashkilotlar bilan hamkorlikda rahbarlik qiladi;

-maktab-internat direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo’yicha o’rinbosari bevosita maktab-internat direktoriga bo’ysunadi.

29.1. Maktab-internat direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari o’z vakolatlari doirasida mansab vazifalarini bajaradi:

-o’quvchilar bilan sinfdan tashqari va maktab-internatidan tashqari olib boriladigan tarbiyaviy ish bo’yicha joriy va istiqbol rejalar tuzilishini va uning o’tkazilishini tashkil etadi;

-tarbiyachilar, sinf rahbarlari, yetakchi va bevosita ushbu direktor o’rinbosariga bo’ysunuvchi boshqa xodimlarning ishini muvofiqlashtiradi;

-maktab-internat bo’yicha belgilangan hisobot hujjatlar tuzilishini ta’minlaydi.

30. O’qituvchilarni maktab-internatiga ishga qabul qilish oliy yoki birinchi malaka toifasi mavjud bo’lgan taqdirda oliy pedagogik ma’lumotli shaxslar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi.

30.1. Maktab-internat o’qituvchilari:

-o’zi dars beradigan fanini yaxshi bilishlari;

-maktab-internatda, jamoat orasida o’z bilimi, yurish-turishi, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlari, ichki va tashqi madaniyatliligi, namunaviy turmush tarzi, kiyinish odobi bilan boshqalarga o’rnak bo’lishlari;

-ijtimoiy hayot uchun maqbul bo’lmagan hatti-harakatlar qilishdan saqlanishlari, o’quvchilarning ham hatti-harakatlaridan xabardor bo’lishlari;

-maktab-internat obro’si, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish yo’lida faollik ko’rsatishlari;

-kasb-mahoratining yuksak darajada bo’lishi, ta’lim oluvchilarning o’quv dasturlarini davlat ta’lim standartlarini ta’minlashlari;

-o’quvchilar shaxsini hurmat qilishlari, ularni mavjud qonunlarga, mehnatga, ota-onalarga, ma’naviy, tarixiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashlari;

-o’sib-ulg’ayib kelayotgan yosh avlodni bir-birini tushunish, xalqlar, millatlar va el-elatlar o’rtasidagi tinchlik, ahillik va inoqlik ruhida tarbiyalashlari va ularni zo’ravonlikning barcha ko’rinishlaridan himoya qilishlari;

-o’zlarini kasbiy mahoratlarini doimo takomillashtirib borishlari talab etiladi.

O’qituvchilar mashg’ulot o’tkazishga puxta tayyorgarlik ko’radi, o’z kasbiy malakasini muntazam ravishda oshiradi, maktabda tashkil qilingan uslubiy birlashmalarning faoliyatida, maktab-internat pedagogik kengash ishida,  boshqa shakldagi uslubiy ishlarda va maktab-internat ma’muriyati tomonidan o’tkazilayotgan majlislarda ishtirok etadi.

  • . Maktab-internat o’qituvchilari o’z vakolati doirasida qonun hujjatlari va ushbu Ustavga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajaradi.

O’qituvchilarning boshqa huquqlari, burchlari va ularni ijtimoiy himoya qilish O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni va Mehnat kodeksi bilan belgilanadi.

31. Yuksak ahloqiy fazilatlarga ega, oliy pedagogik ma’lumoti bor shaxs maktab-internat tarbiyachi lavozimiga ishga qabul qilinadi.

 31.1.  Maktab-internat  tarbiyachilari:

 -maktab-internatda, jamoat orasida o’z bilimi, yurish-turishi, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlari, ichki va tashqi madaniyatliligi, namunaviy turmush tarzi, kiyinish odobi bilan boshqalarga o’rnak bo’lishlari;

-ijtimoiy hayot uchun maqbul bo’lmagan hatti-harakatlar qilishdan saqlanishlari, o’quvchilarning ham hatti-harakatlaridan xabardor bo’lishlari;

-maktab-internat obro’si, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish yo’lida faollik ko’rsatishlari;

 -o’quvchilar shaxsini hurmat qilishlari, ularni mavjud qonunlarga, mehnatga, ota-onalarga, ma’naviy, tarixiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashlari;

-o’sib-ulg’ayib kelayotgan yosh avlodni bir-birini tushunish, xalqlar, millatlar va el-elatlar o’rtasidagi tinchlik, ahillik va inoqlik ruhida tarbiyalashlari va ularni zo’ravonlikning barcha ko’rinishlaridan himoya qilishlari;

-o’zlarini kasbiy mahoratlarini doimo takomillashtirib borishlari talab etiladi.

31.2. Tarbiyachilar o’quvchilarni vatanparvar, xalqparvar, aqlan, jismonan, ahloqan sog’lom, insonparvar va zamonaviy bilim malakalarga ega kishilar qilib tarbiyalash maqsadida quyidagi vazifalarni bajaradi:

 -maktab-internatning tibbiy xodimi bilan birgalikda o’quvchilarning salomatligi bilan yaqindan qiziqadilar, ularning maktab-internatda yashash sharoitlarini yaxshilash yuzasidan ish olib borish va bo’sh vaqtlaridan unumli foydalanishlariga yordam beradi;

-o’quvchilarning  ota-onalari bilan belgilangan vaqtlarda uchrashib, aloqalar o’rnatadi;

-o’quvchilar davomatini ta’minlaydi;

-o’quvchilarning xarakterlarini, oilaviy sharoitlarini atroficha o’rganib  ish olib boradi;

-maktab-internat direktori tomonidan tasdiqlangan kun tartibi asosida o’quvchilar bilan ish olib boradi (ovqatlanishi, darslarni tayyorlashi, yotoqxonada yotib-turishlarini va hokazolarni nazorat qiladi);

 -yo’l harakati va texnika xavfsizliklari qoidalari bo’yicha suhbatlar o’tkazib, tushintirish ishlarini olib boradi.                                                                                                     32. Maktab-internat o’quvchilari:

  • bepul umumiy o’rta ma’lumot olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, turli tadbirlarda (konferentsiyalar, olimpiadalar, ko’rgazmalar va tanlovlarda) qatnashish;
  • individual psixologik-pedagogik jihatdan qo’llab-quvvatlanishga, muassasaning psixolog, pedagog mutaxassislari xizmatlaridan foydalanish huquqiga egadirlar;
  • Maktab-internat o’quvchilarining majburiyatlari:

-O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarga, milliy axloq-odob qoidalariga rioya qilish, respublikaning munosib fuqarosi bo’lish, O’zbekiston Respublikasining gerbi, bayrog’i va madhiyasini bilish va hurmat qilish;

-O’zbekiston Respublikasi Хalq ta’limi vazirligining 2013 yil                         28 fevraldagi 74sonli buyrug’i bilan tasdiqlangan “Umumiy o’rta ta’lim maktab o’qituvchilari va o’quvchilarining odobaxloq qoidalari”ga hamda maktabinternatining Ustaviga va ichki tartib-qoidalariga, shuningdek, sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilish;

-Davlat ta’lim standartlari hajmida umumiy ta’lim olish uchun intilish;

-maktabga dars jadvali asosida o’z vaqtida kelishi, barcha darslarda ishtirok etishi, sababsiz dars qoldirmaslik;

-o’quv jarayoni uchun kerak bo’lgan barcha jihozlar, kundalik daftar, darslik, o’quv qo’llanmalar, daftarlarini to’liq olib kelish;

-maktab-internatda kiyinish madaniyati talablariga rioya qilish;

-o’qituvchilar tomonidan berilgan topshiriqlarni o’z vaqtida bajarish;

-o’z bilim va amaliy ko’nikmalarini mustaqil ravishda oshirib, mustahkamlab borish hamda umumlashtirish saviyalarini yuksaltirish;

– maktab-internat va jamoat topshiriqlarini bajarishda faollik ko’rsatish;

– sog’lom muhitni yaratishga salbiy ta’sir etuvchi hatti-harakatlarni qilmaslik,  ta’lim jarayonining qatnashchilari o’rtasida  (mushtlashmaslik, janjallashmaslik, ta’lim jarayonining biron bir qatnashchisiga, uning yaqinlari yoki qarindoshlariga hurmatsizlik qilmaslik, ta’lim jarayonining biron bir qatnashchisiga salbiy ta’sir etadigan yolg’on yoki shaxsga tegishli ma’lumotlarni tarqatmaslik, boshqalarning narsalarini beso’roq ishlatmaslik va boshqalar);

– maktab-internat hududida maktab ma’muriyati, sinf rahbari va tarbiyachisining ruhsatisiz mobil telefondan foydalanmaslik (o’quvchilar ota-onalari va qarindoshlari bilan bog’lanib turishi uchun maktab-internatga kelishi bilan sinf tarbiyachisiga saqlanishga topshirilishi sharti bilan qimatbaho bo’lmagan, funktsiyalari kam bo’lgan mobil telefon olib kelishlari mumkin);

-maktab-nternat va jamoat mulkini avaylab asrash.

Maktab-internat o’quvchilarining boshqa huquq va majburiyatlari qonun hujjatlariga va ushbu Ustavga muvofiq belgilanadi.

  • Maktab-internatining Ustavida belgilangan ichki tartib-qoidalarini buzgan

o’quvchilar shahar hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiya bilan kelishilgan holda pedagogik kengash qarori asosida avval o’qigan maktabiga qaytarib  yuboriladi (o’quvchining yashash joyi o’zgargan taqdirda hududdagi boshqa maktabga).

O’quv fanlarni o’zlashtirishda ijobiy natija ko’rsatmagan (tahlil ma’muriy nazorat natijalar asosida qilinadi) yoki  o’quv yili davomida                    36 (o’ttiz olti) soatdan ortiq sababsiz dars qoldirgan o’quvchilar pedagogik kengash qaroriga asosan o’z hududlaridagi umumta’lim maktabiga yuboriladi. (O’quvchi kasal bo’lganligi to’g’risida tibbiy ma’lumotnomasi bo’lsa, hamda maktab-internat ma’muriyati bilan kelishilgan holda ko’rik-tanlov, musobaqalarda ishtirok etgan o’quvchi darslarni sababli qoldirgan hisoblanadi.  O’quvchi oilasida to’y, yubiley, tug’ilgan kun va boshqa marosimlarning o’tkazilishi sababli dars qoldirsa, bu sababsiz  dars qoldirish hisoblanadi).

Kasallikning vaqtli diagnostikasi va profilaktikasi maqsadlarida har bir o’quv yilida maktab-internatning o’quvchilari dispanser ko’rigidan (to’liq tibbiy ko’rikdan) o’tkaziladi. Rivojlanishning ko’rsatkichlari aniqlangan taqdirda o’quvchilar tibbiy komissiyaning tavsiyasiga ko’ra  yashash joyidagi umumta’lim muassasasiga o’tkaziladi.

33. Ota-onalar yoki ularni o’rnini bosuvchi shaxslar:

-maktab-internat ma’muriyatidan maktab-internat ustavi asosida shart-sharoitlar yaratilishini, bolaga hurmat bilan munosabatda bo’lishini talab qilish;

-maktab-internat faoliyatini boshqarishda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Ota-onalar yoki ularni o’rnini bosuvchi shaxslar:

– “Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to’lash tartibi to’g’risida”gi Nizomi hamda ota-onalar va maktab-internatlar o’rtasida tuzilgan shartnomaga asosan to’lovlar undirishlari;

-bolalarning jismoniy va ruhiy jihatdan sog’lom bo’lishi to’g’risida g’amxo’rlik qilishlari;

-ota-onalar yig’ilishlarida ishtirok etishlari;

-o’quvchilarni o’z vaqtida, darslarni sababsiz qoldirishlariga yo’l qo’ymasdan, o’quv mashg’ulotlarida ishtirok etishlarini ta’minlashlari, agar farzandi dars qoldirsa, maktab-internat ma’muriyati, sinf rahbari yoki sinf tarbiyachisini bu haqida darslar boshlanishidan oldin habardor qilishlari;

– maktab pedagoglari bilan hamkorlikda bolalarning iqtidori va iste’dodini aniqlashlari va rivojlantirishlari, o’quvchilarning iqtidori va iste’dodini rivojlantirishga yo’naltirilgan hamda bilim darajasini oshiradigan tanlovlarda ishtirok etishlari uchun kerakli sharoitlarni yaratishlari;

-o’quvchilarni barcha kerakli o’quv qurollari bilan ta’minlashlari, darsliklar ijarasi to’lovini o’z vaqtida amalga oshirishlari, ijaraga beriladigan darsliklar to’plamida mavjud bo’lmagan darsliklarni olib berishlari,  darsliklarning saqlanishini nazorat qilishlari, agarda ijaradagi darslik yoqotib qoyilsa yoki yaroqsiz holatga keltirilgan bo’lsa, qonunda belgilangan tartibda o’rnini to’ldirishlari;

-farzandlarining o’zlashtirish darajasini hamda maktab-internatda va undan tashqarida o’zlarini tutishlarini va hulqlarini doimiy nazorat qilib borishlari;

-bolaning qadr-qimmatini hurmat qilishlari, bolada mehnatsevarlik, yaxshilik, muruvvat tuyg’ularini, ona tiliga, madaniy qadriyatlarga nisbatan hurmat fazilatlarini tarbiyalashlari shart.

Ota-onalar yoki ularni o’rnini bosuvchi shaxslar maktabdan o’quvchilarni manfaatlariga taalluqli masalalar muhokama qilinayotganda ishtirok etadi.

Ota-onalar yoki ularni o’rnini bosuvchi shaxslar farzandlarining maktab-internatda DTS talablari doirasida ta’lim-tarbiya olishlari uchun amaldagi qonunlarga binoan maktab-internat bilan barobar mas’uldirlar.

Ota-onalar yoki ularni o’rnini bosuvchi shaxslarning boshqa huquq va majburiyatlari qonun hujjatlariga va ushbu Ustaviga muvofiq belgilanadi.

 5-bob. Maktabinternatni moliyalashtirish va xodimlarini

moddiy rag’batlantirish

34. Maktab-internatini moliyalashtirish O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 avgust “Ta’lim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi PQ-3231-sonli qaroriga muvofiq, belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan, tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.

35. Maktab-internat faoliyati davomida xodimlarni moddiy va ma’naviy rag’batlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilishni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

36. Maktab-internat xodimlarining shtaddagi soni umumta’lim muassasalarining namunaviy shtatlariga muvofiq belgilanadi.

37. Maktab-internat xodimlarining ish haqi amaldagi qonun hujjatlariga, shtatlar jadvaliga asosan, harajatlar smetasida nazarda tutilgan lavozim maoshi, mukofotlar, qo’shimcha haq va ustamalar, rag’batlantirish to’lovlari, shuningdek moddiy rag’batlantirish va moddiy yordam to’lovlaridan iborat bo’ladi.

38. Maktab-internat o’quvchilari belgilangan tartibda ovqat bilan ta’minlanadi.

39. Maktab-internat o’z ustavida belgilangan maqsadlarga muvofiq doirada tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishi mumkin.

40. Ruxsat berilgan faoliyatdan olingan daromad hisobiga sotib olingan mol-mulk tarkibiga kiritiladi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

41. Maktab-internat qonun hujjatlariga muvofiq ta’lim masalalari bo’yicha xalqaro faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.

42. Maktab-internatni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

43. Maktab-internatni qayta tashkil etish yoki tugatish o’quv yili tamom bo’lgandan keyin amalga oshiriladi. Bunda tegishli ta’limni boshqarish organi o’quvchilarning ota-onalari yoki ota-onalarning o’rnini bosuvchi shaxslar bilan kelishuv bo’yicha o’quvchilarning boshqa ta’lim muassasalariga o’tkazilishi uchun javobgarlikni o’z zimmasiga oladi.

Izohushbu ustav maktab-internatining 2018 yil 16 iyundagi 6/1– sonli navbatdan tashqari pedagogik kengashida ko’rib chiqilib, qabul qilingan hamda tasdiqlangan va ro’yxatdan o’tkazishga tavsiya etilgan.

 

Ko'rish imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun qo'shimcha imkoniyat
Close

Adblock ishlamoqda

Iltimos adblockni o'chirib qo'ying. Bu sayt havfsiz