MAKTAB VA TA`LIMYangiliklar

Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining faoliyati takomillashtirishtiriladi

Mamlakatimizda sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, maʼnaviy-axloqiy, jismonan yetuk, vatanparvar, milliy anʼana va qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlarni voyaga yetkazish, ularni amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning faol va jonkuyar ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining ushbu jarayondagi ishtiroki, shuningdek, jismoniy va ruhiy sogʻlom shaxsni tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik va komil inson boʻlishga intilish tuygʻusini shakllantirishdagi faoliyati yanada takomillashtirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Prezidentimizning “Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Mazkur Qaror loyihaga koʻra, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, alohida sharoitlarda tarbiyalash va taʼlim berishga muhtoj boʻlgan yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Baxt shahridagi oʻgʻil bolalar maxsus kolleji, Qoʻqon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli oʻgʻil bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatlari faoliyatini tugatgan holda ularning negizida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzurida Respublika oʻgʻil bolalar oʻquv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar oʻquv-tarbiya muassasasi tashkil etiladi.

Tashkil etilayotgan Respublika oʻquv-tarbiya muassasalariga quyidagilar:

ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin boʻlgan yoshga toʻlmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bogʻliq boʻlmagan holda rivojlanishda oʻz yoshiga nisbatan ancha orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini toʻliq anglab yetishga qodir boʻlmagan voyaga yetmaganlar;

aybliligi toʻgʻrisidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyaga koʻrib chiqish uchun topshirilgan voyaga yetmaganlar;

Respublika oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qoʻllanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;

yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligi, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarining xulosasi asosida vasiy va homiy tayinlangan, joylashtirishning boshqa shakllari qoʻllanilgan, biroq huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi;

Qolaversa, jinoyat sodir etmagan, qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar ularning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, iqtidori, qobiliyati, qiziqishlari va boshqa omillarni inobatga olgan holda tuman (shahar) hokimi qarori asosida tegishli vazirlik va idoralar tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim yoki oʻrta maxsus muassasalariga joylashtiriladi.

Shuningdek, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab Respublika oʻquv-tarbiya muassasalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi lavozim maoshining 100 foizi miqdorida toʻlanishi koʻzda tutilgan.

Qaror loyihasida 2019 yil 1 maydan alohida sharoitlarda taʼminlash, tarbiyalash va taʼlim berishga muhtoj boʻlgan voyaga yetmaganlarni Respublika oʻquv-tarbiya muassasalari yoki Ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirishning yangi tartibi joriy etilishi ham belgilangan.

Ahamiyatlisi, tasarrufida ixtisoslashtirilgan muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasi boʻyicha qabul qilingan hokim qaroriga asosan yuborilayotgan voyaga yetmaganlarni Ixtisoslashtirilgan muassasalarga istisno tariqasida test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz qabul qiladi. Shu bilan birga har bir voyaga yetmaganlar uchun alohida murabbiy biriktirish va uning taʼlim-tarbiyasini doimiy ravishda nazorat qilish, Ixtisoslashtirilgan muassasalarni bitirgandan keyin uni ish bilan taʼminlash hamda oʻz tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalariga kirishiga koʻmaklashadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi voyaga yetmaganlarni vazirlik va idoralar tasarrufidagi umumtaʼlim yoki oʻrta-maxsus ixtisoslashtirilgan muassasalariga hamda Respublika oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirish hamda ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan tartibni tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu Qaror loyihasida Xalq taʼlimi vazirligi 2019 yil 1 avgustga qadar oʻquv-tarbiya muassasalarining oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish, ularga joylashtirilayotgan bolalarning ehtiyojlari va muammolari turidan kelib chiqqan holda individual reabilitatsion dasturlarni ishlab chiqish hamda toʻgaraklar faoliyatini kengaytirish choralarini koʻrish;

Yangi tashkil etilayotgan Respublika oʻquv-tarbiya muassasalari shtatlar jadvallarini tasdiqlash, har 20 nafar tarbiyalanuvchiga bir nafar psixolog va ijtimoiy xodim, shuningdek bir nafar shifokor-ginekolog shtat birliklarini ajratish;

tarbiyalanuvchilarda mehnat koʻnikmalari va mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish, ularni kasbga yoʻnaltirish va boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida voyaga yetmaganlarning Respublika oʻquv-tarbiya muassasasida boʻlgan davr mobaynida har haftada 1 kun 6 soatdan kasbga oʻrgatish boʻyicha amaliy mehnat mashgʻulotlari oʻtkazilishini taʼminlash kabi bir qator vazifalarni amalga oshirishi belgilangan.

Prezident qarori loyihasi bilan https://regulation.gov.uz/uz/document/3008 ushbu havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

Xalq taʼlimi vazirligi “Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori loyihasini yanada takomillashtirish uchun barchani muhokamalarda faol ishtirok etishini soʻraydi. Qaror loyihasining muhokamasi 2019 yilning 18 apreliga qadar davom etadi.

Ochilbek Mahammadjonov

Informatika va axborot texnologiyalari fani o'qituvchisi. Shiori: Doimo "B" rejang bo'lsin!

O'xshash maqola

Ko'rish imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun qo'shimcha imkoniyat
Close

Adblock ishlamoqda

Iltimos adblockni o'chirib qo'ying. Bu sayt havfsiz